O‘zbekiston Milliy universitetida siyosatshunoslik fani rivojiga xizmat qiluvchi yangi avlod adabiyotlari taqdimoti o‘tkazildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti va ta’lim tizimi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yangi o‘quv nashrlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Siyosatshunoslik kafedrasi professorlari — siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonov hamda siyosiy fanlar doktori Kamoliddin Mirzaahmedovlar tomonidan nashr etilgan yangi kitoblar taqdimotida soha mutaxassislari, ekspertlar va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirda professor Baxtiyor Omonovning siyosiy madaniyat va davlat xizmati tizimini chuqur ilmiy tahlil qilishga yo‘naltirilgan bir necha asarlari keng jamoatchilikka tanishtirildi. Xususan, olimning “Siyosiy madaniyat va mafkura” o‘quv qo‘llanmasida siyosiy ongning shakllanishi, mafkuraning liberalizm, konservatizm va sotsial-demokratiya kabi zamonaviy modellari hamda siyosiy yetakchilik masalalari tizimli ravishda yoritilgan.

 

Muallifning “Yoshlar siyosiy madaniyati” risolasida esa yoshlarni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, ularning ijtimoiy-innovatsion faolligini oshirish va davlat hayotidagi ishtirokini rivojlantirish mexanizmlari tahlil etilgan bo‘lsa,, “Davlat fuqarolik xizmati” qo‘llanmasida soha xizmatchilarining odob-axloq qoidalari, kasbiy kompetensiyasi va korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari batafsil bayon etilgan.

Shu bilan bir qatorda, professor Kamoliddin Mirzaahmedov tomonidan taqdim etilgan yangi o‘quv adabiyotlari ham o‘zining dolzarbligi va amaliy ahamiyati bilan ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Olimning “Amaliy siyosatshunoslik” asari siyosiy jarayonlarni boshqarish va qarorlar qabul qilishning amaliy jihatlarini o‘rganishda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi. 

Shuningdek, uning “Davlat boshqaruvi” kitobida zamonaviy boshqaruv tizimlari va davlat apparati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari tahliliy yondashuvlar asosida yoritilgan bo‘lsa, “Siyosatshunoslikka kirish” o‘quv adabiyoti sohani o‘rganayotgan yosh avlod uchun fundamental tushunchalar va siyosiy fanlar asoslarini o‘zlashtirishda asosiy tayanch manba bo‘lishi ta’kidlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar har ikki olimning asarlari bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazishda g‘oyat muhimligini e’tirof etdilar. 

Mazkur nashrlar nafaqat O‘zbekiston Milliy universiteti, balki barcha turdosh oliy ta’lim muassasalarida siyosatshunoslik yo‘nalishi talabalari va tadqiqotchilari uchun zaruriy adabiyotlar sifatida tavsiya etildi. Taqdimot yakunida mualliflar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berib, kelgusida bu kabi ilmiy loyihalarni davom ettirish rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.