Joriy yilning 20–25-aprel kunlari Ispaniyaning Granada universitetida o‘tkazilayotgan «Xalqaro aloqalar haftaligi – 2026» doirasida Erasmus+ dasturi bo‘yicha malaka oshirish kursi bo‘lib o‘tmoqda. Dasturning oliy ta’lim tizimida institutsional va akademik salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan ushbu yo‘nalishida O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti, Kompyuter lingvistikasi va amaliy tilshunoslik kafedrasi mudiri, professor Nilufar Abduraxmonova ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro tadbirda Shvetsiya, Italiya, Fransiya, Polsha, Turkiya, Qozog‘iston hamda Afrika va Lotin Amerikasining o‘ndan ortiq mamlakatlari oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari jam bo‘lgan.

Dastur davomida ishtirokchilar madaniyatlararo muloqot, zamonaviy ilmiy yutuqlar hamda ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqdalar. Ushbu akademik muhit turli mintaqa vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ochiq muloqotni mustahkamlash hamda ta’lim sohasida istiqbolli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Shuningdek, malaka oshirish kursi doirasida Erasmus+ dasturi asosida xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Bu esa ishtirokchilarning professional kompetensiyalarini yuksaltirish bilan bir qatorda, oliy ta’lim tizimida xalqaro innovatsion hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
