Bugun, 24 aprel O‘zbekiston Milliy universiteti hamda «Yoshlar» teleradiokanali hamkorligida Jurnalistika kafedrasi filiali faoliyatiga bag‘ishlangan ijodiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov ochib berib, soha kadrlarini tayyorlashni takomillashtirishga oid Prezident qarorlari ijrosining ahamiyatiga to‘xtaldi. Shuningdek, «Yoshlar» ijodiy birlashmasi direktori Elyor To‘laganov hamda «Jurnalistika» kafedrasi mudiri Mahliyo Mirsoatova talabalarning media makonidagi ilk qadamlari va sohaviy integratsiya masalalari haqida fikr bildirdilar.
Uchrashuvda ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Lakayev hamda sirtqi va masofaviy bo‘lim boshlig‘i Do‘stmurod Jomurodov ishtirok etib, o‘quv jarayoni va amaliyotning uzviy bog‘liqligi talabalar salohiyatini oshirishda asosiy omil ekanligini ta’kidladilar. Tadbir davomida «Jurnalistika» yo‘nalishining 2-4 kurs talabalari «Yoshlar», «Sport», «Tarix» va «Nurafshon» kabi yetakchi telekanallardagi amaliy faoliyatlari hamda tayyorlayotgan mualliflik ko‘rsatuvlari haqida taqdimot qildilar.
Muloqotning amaliy qismida ishtirokchilar «Yoshlar» telekanalining zamonaviy studiyalari bilan tanishdilar va talabalarning bevosita ish jarayonidagi mashg‘ulotlarini kuzatdilar. Shuningdek, telekanal qoshida tashkil etilgan kafedra filiali faoliyati ko‘zdan kechirilib, kelgusida nazariy bilimlarni bevosita studiyalarda mustahkamlash bo‘yicha yangi rejalar belgilab olindi.

O’zMU Axborot xizmati