Bugun xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining navbatdagi o‘ttiz ikkinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, senatorlar, tegishli tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, OAV xodimlari hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligidagi ishchi guruh ishtirok etdi. Sessiya kun tartibidan joy olgan eng muhim va markaziy masalalardan biri — Qashqadaryo viloyatining shahar va tumanlarida qo‘shimcha zaxira hamda imkoniyatlarni safarbar etish va tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala bo‘ldi.

Ushbu tarixiy qadam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-iyun kuni Namangan viloyatiga tashrifi davomida belgilab bergan topshiriqlari ijrosining amaliy ifodasidir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlar rivojiga mutlaqo yangi — ilmiy yondashuv tizimi joriy qilinib, mamlakatimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari joylardagi muammolarga ilmiy-amaliy yechim topish uchun biriktirildi.
Mazkur yangi tizim doirasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Qashqadaryo viloyatiga “Aql markazi” sifatida doimiy hamkorlik qilish maqsadida biriktirildi. Viloyatda ushbu markaz faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida viloyat hokimligida maxsus shtab yo‘lga qo‘yilib, ishlarga shaxsan shahar va tuman hokimlari vakil sifatida mas’ul etib belgilandi.

Rektor Inom Madjidov boshchiligidagi O‘zMU ishchi guruhi Qashqadaryo viloyati va uning hududlarida mavjud potensial va qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash, dolzarb muammolar va ularning optimal yechimlarini mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda ilmiy asoslarga tayangan holda ishlab chiqish bo‘yicha faol ish olib bordi. Bu boradagi tadqiqotlar natijasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar sohasi va turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan, 16 ta ilovadan iborat kompleks “Yo‘l xaritalari” tayyorlandi va sessiyada rasman tasdiqlandi. Ushbu dasturlarning amalga oshirilishi viloyat tuman va shaharlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmini keskin oshirish, minglab yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mahalliy budjet tushumlarini sezilarli darajada ko‘paytirish imkonini beradi.

Ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni bevosita ishlab chiqarish zanjiriga integratsiya qilish orqali O‘zMU nafaqat yuqori malakali kadrlar tayyorlash maskani, balki viloyatlarni iqtisodiy yuksaltirishning qudratli amaliy drayveriga aylanmoqda.