O‘zMUda “Stoxastik tahlilning dolzarb muammolari” xalqaro ilmiy konferensiyasi boshlandi

O‘zbekiston Milliy universitetida atoqli matematik olimlar — akademik S.H. Sirojiddinov tavalludining 106 yilligi, akademik Sh.Q. Formanov tavalludining 85 yilligi hamda Bernulli jamiyatining Jahon kongressi tashkil etilganining 40 yilligi munosabati bilan “Stoxastik tahlilning dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo’lib o’tdi.

Nufuzli anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan ehtimollar nazariyasi va matematik statistika sohasi bo‘yicha yetuk olimlar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi. Tadbir davomida zamonaviy matematikaning dolzarb yo‘nalishlari, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

So‘zga chiqqan mutaxassislar akademik S.H. Sirojiddinov va akademik Sh.Q. Formanovlarning O‘zbekistonda matematika, xususan, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika fanlarini rivojlantirishdagi beqiyos xizmatlarini alohida ta’kidladilar. Ularning ilmiy maktab yaratish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashdagi faoliyati yuksak e’tirof etildi.

Konferensiya doirasida stoxastik tahlil, matematik modellashtirish, statistik usullar va zamonaviy ilmiy tadqiqotlarning istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglanishi rejalashtirilgan. Mazkur xalqaro ilmiy anjuman matematika sohasidagi ilg‘or tajribalarni almashish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.