O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Yaponiyaning Tohoku universiteti delegatsiyasi bilan uchrashdi. Muloqot davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Milliy universitetida Yaponiya ta’limi va madaniyatshunosligi markazining rasmiy ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Yangi markazda Yaponiya ta’lim tizimi va madaniyatini chuqur o‘rganish, shu yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borish hamda O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshiriladi.
Markazda talabalar va tadqiqotchilar uchun Yaponiya ta’limi va madaniyatiga oid ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, seminar va uchrashuvlar tashkil etilishi, shuningdek, kelgusida Tohoku universiteti va boshqa yapon ta’lim muassasalari bilan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
