Bugun O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Talaba-yoshlar, tadqiqotchilar va doktorantlar ishtirok etgan mazkur tadbir yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ochiq muloqot maydonini yaratishga xizmat qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov ishtirok etdi. Tadbirni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov ochib berib, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Muloqot davomida O. Mamatkarimov Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodning sifatli ta’lim olishi va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr bildirdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–98-son Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, doktorantlar, magistrantlar hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, yoshlarning ilmiy izlanishlarga faol jalb etilishi, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini egallashi va xalqaro ilmiy maydonda munosib o‘rin egallashi bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. O‘zining ilmiy va mehnat faoliyati davomida orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekan, talaba-yoshlarni izlanishdan to‘xtamaslikka, innovatsion g‘oyalarni ilgari surishga va ilmiy faoliyatda qat’iyatli bo‘lishga chorladi.
Uchrashuv savol-javoblarga boy va samimiy ruhda kechdi. Talabalar, doktorantlar hamda yosh tadqiqotchilar tomonidan ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, grantlar, doktorantura tizimi, xalqaro hamkorlik va ilmiy stajirovkalar bilan bog‘liq qator savollar o‘rtaga tashlandi. Mehmon tomonidan ushbu savollarga batafsil javoblar berildi hamda yoshlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Tashrif doirasida O. Mamatkarimov Fizika fakultetida doktorantlar va yosh olimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy ilmiy laboratoriyalar faoliyati hamda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdi. U fakultetda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
