2026-yil 24-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetida Qozon federal universiteti (QFU) delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibidan Xalqaro munosabatlar va jahon tarixi oliy maktabi dekanining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Lenar Abzalov, Tatariston va turkiy xalqlar tarixi kafedrasi mudiri Marat Gatin hamda Arxeologiya va etnologiya kafedrasi dotsenti Yelena Vorobyova o‘rin oldi.

Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning quyidagi muhim yo‘nalishlarini muhokama qildilar:
-
Talabalarning akademik mobilligini rivojlantirish;
-
Professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va ilmiy-nashriy faoliyatni faollashtirish;
-
Qo‘shma ta’lim dasturlarini (double degree / joint degree) yo‘lga qo‘yish;
-
Ilmiy rahbarlik hamda o‘quv-uslubiy hamkorlikni mustahkamlash.

Tashrif doirasida mehmonlarga Arxeologiya va etnologiya kafedrasining zamonaviy o‘quv kabineti va undagi noyob eksponatlar namoyish etildi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari Tarix fakulteti hamda Arxeologiya va etnologiya kafedrasining qariyb bir asrlik shakllanish yo‘li va boy o‘tmishi bilan yaqindan tanishtirildi.

Uchrashuvda hamkorlikning navbatdagi bosqichlarini belgilash, xususan, rejalashtirilgan tashabbuslarni amalga oshirish muddatlarini kelishish va aloqalarni rasmiylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konstruktiv va ishbilarmonlik ruhida o‘tgan muloqot yakunida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.