Venadagi BMT sessiyasi: Mamlakatimizning tarixiy a’zoligi va O‘zMU magistrantining ma’ruzasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Vena shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasining 35-sessiyasida ishtirok etdi.
Joriy yilning 1–2 iyun kunlari Avstriya poytaxti Vena shahrida BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasining 35-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 175 davlatidan 1,5 mingdan ortiq yuqori lavozimli rahbarlar va soha ekspertlarini birlashtirgan ushbu tadbir Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosiy hayotida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi — mamlakatimiz ilk bor mazkur nufuzli xalqaro tuzilmaning to‘laqonli a’zosi sifatida ishtirok etdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi yuqori darajali delegatsiya vakillari yurtimizning ushbu yo‘nalishdagi qat’iy pozisiyasi, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va xalqaro tashabbuslarini bayon etdilar.
Anjuman doirasidagi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tomonidan BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markazi (CARICC) bilan hamkorlikda yuksak darajada tashkil etildi.
Quvonarlisi, mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi 2-bosqich magistranti, Markaziy Osiyo Yoshlar mintaqaviy tarmog‘i yetakchisi Charos Abdug‘afurova ishtirok etdi. Iqtidorli magistrantimiz anjuman doirasida “Yoshlar va oilalarni himoya qilish uchun profilaktik mexanizmlar” mavzusida ma’ruza qilib, unda soha rivojiga doir dolzarb taklif hamda mulohazalarini jahon hamjamiyati e’tiboriga havola etdi.