Xalqaro xotin – qizlar kuni munosabati bilan rektor tabrigi

Muhtarama hamkasb ustozlar, opa - singillarim, talaba qizlarim.

Barchangizni 8 mart - Xalqaro xotin qizlar bayrami bilan chin yurakdan tabriklayman. Sizlarga bahoriy kayfiyat, mustahkam sogʼliq, oilaviy baxt - saodat tilayman.

Bugungi kunga kelib respublikamizning barcha jabhalarida opa- singillarimiz faol. Oilalarimiz quvonchi, hayotimiz fayzi, mazmuni boʼlgan xotin - qizlarimiz hurmat va ehtiromga munosibdirlar. Ular bugun Toʼmaris, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Zebunisodek millatimiz tarixida munosib iz qoldirgan buyuk MOMOlarimiz anʼanalarini davom ettirishgaqodir oqila, zukko, mulohazakor, tadbirli avlod ekanliklarini namoyon qilmoqdalar.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 8 mart bayrami munosabati bilan yoʼllagan tabriklarida ayollarimizning ijtimoiy - siyosiy hayotida, taʼlim, sogʼliqni saqlash, madaniyat, ishbilarmonlik sohalarida samarali faoliyat olib borayotganliklarini eʼtirof etdilar. “Bunday zamonaviy bilim va isteʼdodga, yetakchilik qobiliyatiga ega, el-yurtimiz uchun fidoyi xotin - qizlarimiz xalqimiz, millatimizning oltin fondi, desak, hech qanday mubolagʼa boʼlmaydi”.

Universitetimizda ham bugungi kunda 500dan ortiq ayol professor - oʼqituvchilar yosh avlodga bilim sirlarini oʼrgatib, tarbiya berib kelmoqda. Talaba qizlarimiz oʼqish jarayonida nufuzli olimpiadalarda ishtirok etib, sovrinli oʼrinlarni qoʼlga kiritmoqda. Davlat mukofotlariga sazovar boʼlmoqda. Biz ular bilan faxrlanamiz!

Jamiyatimizda ayollarni qoʼllab-quvvatlash va ularni ijtimoiy himoyalash yoʼlida ham talay ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qizlarimizning ilm olishlari, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, sogʼligʼiga, qolaversa, orzularini ruyobga chiqarishga hukumat darajasida eʼtibor qaratilmoqda. “Аyolga eʼtibor-millatga eʼtibor” - deb bejizga aytilmagan. Bugun qizlarimizga berilayotgan tarbiya ertaga ular voyaga yetkazadigan farzandlarimizning farovon hayotiga qoʼyilayotgan poydevordir.

Bayram arafasida qabul qilingan Farmonga muvofiq, xalqimizga munosib, yurt koriga yaraydigan, Vatan taraqqiyoti uchun oʼz ustida ishlaydigan, izlanadigan vatanparvar, fidoyi,dunyoqarashi keng, mustaqil fikrga ega, eʼtiqodli, bilimli farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan, oila va jamiyatni mustahkamlash yoʼlidagi xizmatlari uchun bir guruh ayollarga ehtirom koʼrsatilib, ular yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Bugun davlat boshqaruvidagi xotin - qizlar ulushi 30 foizdan oshdi. Bu koʼrsatkich yana oʼsishda davom etadi. Аyol jamiyatda , oilada baxtini topsa, quvonib yashasa shu yurtning har bir kuni barokatli va xayrli boʼladi.

Yurtimiz ayollarining farovon hayoti, baxtu iqbolini har tomonlama qoʼllab - quvvatlashga qaratilgan qator Farmon va Qarorlar qabul qilindi. Bu hujjatlarning mazmun - mohitida ayollarimizning iqboli, jamiyatdagi oʼrni, yorugʼlik va roʼshnolik koʼrishi yotadi.

Аziz opa - singillarim, talaba qizlarim!

Sizlarni yana bir bor bahoriy bayram -ayollarimizga atalgan kun bilan muborakbod etaman. Oilangizga tinchlik, xotirjamlik, halovat tilayman. Yosh avlodni tarbiyalash yoʼlidagi xizmatlarinigiz roʼyobini koʼrib yurishingizga tilakdoshman. Talaba qizlarimizga jamiyat taraqqiyoti yoʼlida eng faol yoshlardan boʼlishlarini tilayman.

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori

Inom Madjidov