O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakultetida “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida navbatdagi xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar “Chuqur evtektik erituvchilarning ustunligini aniqlash – Micromelum minutum polisaxaridlarini mikroto‘lqinli yordamida ekstraksiya qilish: diabetni davolash uchun sinergik yondashuv” mavzusiga bag‘ishlandi.
Mazkur seminarda Malayziya Fan instituti Analitik biokimyo fakulteti tadqiqotchisi Dr. Muhammad Hakimin Bin Shafie ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z taqdimotida zamonaviy ekstraksiya usullari, xususan, chuqur evtektik erituvchilar (DESs) va mikroto‘lqinli texnologiyalarning kombinatsiyasi orqali o‘simlik biomoddalari – ayniqsa, Micromelum minutum tarkibidagi foydali polisaxaridlarni olish usullari haqida batafsil so‘z yuritdi. Ular diabet kasalligini davolashdagi potentsial sinergik ta’siri bilan ajralib turishi alohida ta’kidlandi.
Seminar zamonaviy kimyo va biofarmatsevtika yo‘nalishlari kesishmasida olib borilayotgan ilg‘or ilmiy izlanishlarga asoslangan bo‘lib, unda quyidagi texnologiyalar markaziy o‘rinni egalladi:
– Chuqur evtektik erituvchilar (DESs) – past haroratda eruvchi, ekologik xavfsiz, qayta ishlanadigan erituvchilar bo‘lib, ular an’anaviy organik erituvchilarga nisbatan kam zaharliligi va yuqori selektivligi bilan ajralib turadi.
– Mikroto‘lqinli yordamida ekstraksiya (MAE) – tabiiy birikmalarni tez, energiya tejovchi va biologik faolligini saqlagan holda ajratib olish imkonini beruvchi innovatsion usul hisoblanadi.
– Micromelum minutum – tropik hududlarda o‘suvchi o‘simlik bo‘lib, uning tarkibidagi polisaxaridlar giperglikemiyaga qarshi, antioksidant va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlarga ega ekani ilmiy jihatdan isbotlangan.
Seminarda aynan shu ikki texnologiyaning sinergik qo‘llanilishi orqali Micromelum minutumdan samarali polisaxaridlar olish va ularni diabetni davolashdagi potentsial farmakologik vosita sifatida o‘rganish natijalari keng muhokama qilindi.
“Dolzarb 90 kun” — O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan 2025-yil yozida boshlangan innovatsion ilmiy-marifiy tashabbus bo‘lib, u doirasida seminarlar, to‘garak mashg‘ulotlari, startaplar va ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Biologiya va ekologiya fakultetining “Yosh biokimyogarlar” to‘garagi biokimyo sohasidagi muhim mavzularda faol ishtirok etmoqda. “NUU Public Talks” klubi esa yosh olimlarni ilm-fanga jalb qilish va ularni xalqaro akademik maydonga integratsiya qilishga xizmat qilmoqda.
Seminar ingliz tilida o‘tkazilib, talabalar zamonaviy ilm-fan bilan bevosita tanishdilar.








