O‘zMUda “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi taqdimoti va “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 7-may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida yirik targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Uchrashuv “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatini talaba-yoshlarga yetkazish hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mazmunini tushuntirishga bag‘ishlandi.

Tadbirni universitet prorektorlari Komil Inoqov hamda Tunis Xojiyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Rahbariyat o‘z nutqida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy bilimlarini oshirish va islohotlarning natijadorligini har bir talabaga samarali yetkazish universitetning ustuvor vazifasi ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuvda faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova bugungi kunda yoshlarga davlat darajasida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor haqida to‘xtaldi. Shuningdek, u yoshlar uchun yaratilgan foydali va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berib, talabalarni faol bo‘lishga chaqirdi.

Anjuman davomida “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasining yirik taqdimoti o‘tkazildi. Strategiyaning asosiy maqsadlari, yoshlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar atroflicha tushuntirib berildi.

Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbir yakunida talaba-yoshlar taklif va tashabbuslarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

O‘zMU Axborot xizmati