O‘zbekiston Milliy universiteti malikasi aniqlandi

O‘zbekiston Milliy universitetida Xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi bilan talaba-qizlarning iqtidorini yuzaga chiqarish va milliy qadriyatlarni targ‘ib qilishga qaratilgan “O‘zMU malikasi” ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir nafaqat qizlarning ijodiy qobiliyatini namoyish etish, balki ularning intellektual salohiyatini oshirish va hayotga bo‘lgan qarashlarini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda faxriy mehmon sifatida Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova ishtirok etib, bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va ilm-fandagi roliga alohida to‘xtalib o‘tdi. Tanlov ishtirokchilarini baholab borish uchun tuzilgan hakamlar hay’ati tarkibidan universitetning faol olima ayollari hamda respublikaning turli tashkilotlaridan kelgan nufuzli mehmonlar joy oldilar.

Bellashuv uchta muhim shart asosida tashkil etildi. Dastlab “Ko‘zgu oldidagi men” shartida ishtirokchilar o‘zlarining ilmiy va ijodiy yutuqlarini taqdim etgan bo‘lsalar, “Zukko bilimdon” bosqichida qizlarning siyosiy-ijtimoiy, tibbiy va oilaviy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Yakuniy “Erkin ijod sohibi” shartida esa talabalar o‘zlarining yashirin iqtidorlari va sahna madaniyatini namoyish etib, hakamlar hamda tomoshabinlar mehrini qozondilar.

Qizg‘in kechgan bahslar natijasiga ko‘ra, oliy o‘ringa Biologiya va ekologiya fakulteti 2-bosqich talabasi Sabina Ziyodullayeva loyiq deb topilib, “O‘zMU malikasi” unvonini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi O‘g‘iloy Aliqulova egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi Zarina Namozovaga nasib etdi.

Tadbir yakunida g‘oliblarga va faol ishtirok etgan barcha talaba-qizlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu kabi loyihalar universitet xotin-qizlarining ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.