O‘zbekiston Milliy universiteti Taekvondo va sport faoliyati fakultetida ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolovning hayoti va sportdagi muvaffaqiyatlariga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etib, chempionning jahon sport arenalaridagi ibratli faoliyatini muhokama qildilar.

Tadbirda Bahodir Jalolovning Tokio–2020 va Parij–2024 Olimpiya o‘yinlaridagi tarixiy g‘alabalari, shuningdek, yaqinda Manchesterda o‘tgan professional boks oqshomidagi navbatdagi muvaffaqiyati yoshlar uchun yuksak matonat va vatanparvarlik namunasi ekani ta’kidlandi. Talabalar bokschining qat’iy intizomi va maqsad sari intilishi, o‘zbek boks maktabining dunyodagi nufuzini oshirishga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdilar.

Bu kabi uchrashuvlar talaba-yoshlarda sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, ularni jismonan baquvvat va ma’nan yetuk shaxslar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Davra suhbati yakunida chempionlarning hayotiy yo‘li yosh sportchilar uchun haqiqiy motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.