O‘zbekiston Milliy universitetida talaba-yoshlarning siyosiy-huquqiy va iqtisodiy bilimlarini oshirish, ular bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida navbatdagi rahbariyat va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni universitet rektori Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotlar o‘tkazish davr talabi hamda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi.

Tadbirda Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev hamda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov ishtirok etdi. Ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyati bevosita zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yosh kadrlarga bog‘liq ekanligini ta’kidlab, Iqtisodiyot fakulteti talabalarining bu jarayondagi roli va intellektual salohiyati yuqori ekanligi haqida iliq fikr bildirdi.

Davra suhbatida Iqtisodiyot fakulteti talabalari yuksak faollik ko‘rsatib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari hamda oliy ta’lim tizimidagi modernizatsiya jarayonlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Senatorlar tomonidan talabalarning har bir savoliga atroflicha va asoslantirilgan javoblar berilib, iqtidorli yoshlarning ilmiy hamda ijtimoiy tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Yuqori saviyada, samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda talaba-yoshlarning jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning taklif va mulohazalarini tizimli o‘rganish muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi. Tadbir yakunida yoshlarni ilm-fan bilan shug‘ullanishga yo‘naltirish va ularning intellektual salohiyatini rag‘batlantirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
