O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 310-son qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida uzoq yillar fidokorona mehnat qilib kelayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun muhim ijtimoiy imkoniyat yaratildi.
Qarorga muvofiq Davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan, 15 yillik ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari farzandlarining respublika oliygohlari bakalavriatida oʻqishi uchun yillik kontrakt toʻlovining bir qismi, ya’ni bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha yillik toʻlov-kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.
Mazkur mablag‘ xodim yoki talabaning bank kartasiga o‘tkazilmaydi. Subsidiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri farzand tahsil olayotgan oliy ta’lim tashkilotining tegishli hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi.
Ariza berish uchun istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markaziga borib murojaat etish yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi (https://subsidiya.imv.uz/uz).
Batafsil ma’lumot uchun: https://lex.uz/uz/docs/-8308628