The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

Rektor tabrigi

Аssalomu alaykum, aziz urush va mehnat faxriylari! Fidoiy ustozlar!

Sizlarni 9 May - Xotira va qadrlash kuni, buyuk Gʼalabaning 76 yilligi bilan chin yurakdan tabriklayman. Sizlarning koʼrasatgan matonatingiz, fidoyilik va jasoratingiz oldida bosh egamiz. Vatan uchun, tinchlik, farovon hayot uchun oʼz jonini qurbon qilgan vatandoshlarimiz ruhi oldida taʼzimdamiz .

Xalqimizning bolajonligi, momolarimizning sadoqati va fidoyiligi haqida koʼzda yosh bilan eslaymiz. Urush oʼzbekning har bir xonadoniga kirib bordi. Bugun ham uning iztirobi ketmagan. Bolajon xalqimiz front ortida turib, sobiq ittifoqning urush olovida qolgan xalqlari farzandlarini bagʼriga oldi. Urushga qarshi mehr, yaxshilik, bolajonlik bilan javob berdi. Bani bashar xalqimizning bu katta yuragiga ehtirom qiladi. OʼZBEK desa, koʼz oʼngida bolajonlik, oqibat, bagʼrikenglik gavdalanadi.

Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bugungi Xotira va qadrlash kuni, hamda buyuk Gʼalabaning 76 yilligi munosabati bilan yoʼllagan tabriklarida taʼkidlaganlaridek: - “Toshkent non shahri”, “Oʼzbekiston mehr mamlakati” ekanini, amalda yana bir bor isbotladi. Xalqimizning bunday ulkan jasorati, oliyjanobligi butun dunyoda hurmat eʼtirofga sazovar boʼldi.”

Yillar oʼtib, millat uchun jondan kechgan, maʼrifat yoʼlidagi qatogʼonlar, ikkinchi jahon urushi, afgʼon urushi, front ortida turib, Gʼalaba uchun mehnat qilingan yillar vaqt oʼlchamida bizdan uzoqlashgan… Lekin bugungi behalovat dunyo ichida Inson boʼlib yashab, vatanimiz, xalqimiz taqdiri uchun masʼulligimizni his qilgan sarimiz tariximiz har dam koʼz oʼngimizda gavdalanaveradi.

Barchamiz 9 may Xotira va qadrlash kunini hurmat, cheksiz ehtirom va armonu, hayajonli oʼkinch bilan kutib olamiz. Qalblarimizda titroq bilan, farzandlarmiz, nabiralarimiz qoʼllaridan mahkam tutib, ortga, tarixga qaraymiz. Hushyor tortamiz. Sogʼinchlarimiz yuraklarimizni oʼrtaydi. Аvlodlar oʼrtasida koʼprik boʼlib, ota - bobolarimizning bosib oʼtgan shonli yoʼlini kelajagimiz egalariga hikoya qilib beramiz. Xalqimiz sinovli kunlarda qadr, or - nomus, tinchlik, odamiylik, vatanparvarlik bayrogʼini baland koʼtarib, uni mahkam tutgan. Biz ham sharafla unga munosib boʼlmogʼimiz kerak.

Bugungi tinch, osoyishta hayotimizga shukronalik aytamiz. Tinchlik eng ulugʼ neʼmatligini har doimgidan koʼra bugungi zamonda juda yaxshi bilib turibmiz.

Urush va mehnat fronti qatnashchilari, fidoyi ustozlarimizni universitetimizda koʼrish biz uchun sharaf. Sizlarni xotiralaringiz talabalar uchun maktab. Bosib oʼtgan hayot yoʼlingiz yoshlarimizni vatanparvar, irodali, bilimli va insoniylik tuygʼulari bilan shakllanishida ibrat yoʼli boʼlib xizmat qilmoqda.

Bugungi yorugʼ kunlar uchun, tinchligimiz uchun, osuda tunlarimiz, xotirjamligimiz, yuragimizga sigʼayotgan orzularimiz uchun Sizlardan cheksiz minnatdormiz! Bayramingiz muborak boʼlsin! Siz, azizlarga sogʼlik, oilaviy xotirjamlik, toʼkin dasturxon, halovatli kunlar tilayman!

Oʼzbekiston Milliy universiteti

rektori Inom Madjidov