Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Chingiz Aytmatov – o’zbek xalqi uchun aziz va qadrli siymo

Qirg‘iz yozuvchisi, davlat, jamoat arbobi, diplomat Chingiz Aytmatov XX asrning 60-yillaridan boshlab, avvalo, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, qolaversa, butun Sharq xalqlari adabiyoti va sanʼatini tubdan yangilash, chinakam xalqchil, progressiv, jahonning rivojlangan adabiyotlari qatoriga qo‘shish niyati bilan kirib keldi, yashadi va ishladi. Bu borada birinchi galda o‘zi namuna ko‘rsatishga kirishdi. Buning uchun insoniyatni mangu qiynab kelayotgan, ammo jamiyat tazyiqi ostida aytish mumkin bo‘lmagan mavzu va muammolarni, yangicha qiyofa hamda qarashga ega kishilar obrazini yaratishga urindi. Adib insonning jamiyatdagi o‘rni, mavqyei, emin-erkin yashashi, qilgan mehnatidan ham jismonan, ham maʼnan qoniqishi, ko‘ngil istagiga ko‘ra sevish va sevilish huquqiga ega bo‘lishi zarurligini angladi va ularni adabiyotga dadil olib kirdi. Shu bois ham yozuvchining qahramonlari ancha-muncha qoliplarga sig‘maydi. “Jamila” qissasi adibni jahonga tanitdi, fransuz yozuvchisi Lui Aragon bu asarni “Muhabbat haqida yozilgan jahondagi eng ajoyib qissa” deb atagan. “Momo er”, “Somon yo‘li”, “Alvido, Gulsari” kabi asarlari inson taqdiri ruhiyatini butun keskinligi, murakkabligi va ziddiyatlari bilan ifoda etilgani tufayli kitobxonni hayajonga soladi, chuqur mushohada qilishga undaydi.
O’zbekiston Milliy universitetida Jurnalistika fakulteti tashabbusi bilan atoqli adib, davlat va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 93 yilligiga bag’ishlab ilmiy-adabiy anjuman o’tkazildi. Anjumanda O’zbekiston Milliy universiteti o’quv ishlari bo’yicha prorektor Shuhrat Toshmatov, Qirg’iziston Respublikasining O’zbekistondagi Favqulotda va muxtor elchisi Ibroxim Junusov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro akademiya a’zosi, Jurnalistika fakulteti dotsenti Ahmadjon Meliboyev, O’zRFA San’atshunoslik instituti tayanch doktorantlari, fakultet professor-o’qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdi. Dastlab universitetning “Chingiz Aytmatov va O’zbekiston” doimiy ilmiy-ekspozitsiya markaziga ekskursiya tashkillashtirildi. Shundan so’ng tadbirni universitet o’quv ishlari bo’yicha prorektori Shuhrat Toshmatov ochib berib, anjuman ishiga yuksak muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbirda “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevning “Chingiz Aytmatov: inson va insoniyat taqdiri” mavzuidagi ma’ruzasi tinglandi va u o’z so’zida buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg’iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o’zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O’zbekistonning ulkan do’sti edi, deb ta’kidlab o’tdi. So’ng Jurnalistika fakulteti filologiya fanlari doktori, professor Xamidulla Boltaboyev Chingiz Aytmatovning adabiy-estetik qarashlariga doir o’z fikr-mulohazalarini bildirdi. Anjuman doirasida ishtirokchilar O’zbekiston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov ijodida milliy va umuminsoniy qadriyatlar, badiiy ifoda mahorati to’g’risida ma’lumotlarga ega bo’ldilar. O‘tkazilgan anjuman ishtirokchilar ma’naviyatini yuksaltirishga, dunyoqarashini kengaytirishga, Vatanga bo‘lgan muhabbatining ortishiga, tabiatni asrashga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini millatlararo do‘stlik va qardoshlik munosabatlari, hamjihatligini mustahkamlashga, adabiyotni, san’atni sevishga, ota-onaga, el-yurtga sodiqlik hissini uyg‘otishga, azaliy qadriyatlarni e’zozlashga, yoshlarda Vatanparvarlik fazilatlarini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

O’zMU Axborot xizmati