INALCO lingvistika va svilizatsiya univesiteti
Fransiyaning INALCO lingvistika va svilizatsiya univesiteti vakillari O’zMUda
2023 yilning 13-mart sanasida Fransiyaning INALCO lingvistika va svilizatsiya univesitetining atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha vitse-prezidenti Julien Vercueil, Yevropa va xalqaro ishlar bo‘yicha vitse-prezidenti Gilles Forlot O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi.
Ularni O‘zMU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova, shuningdek, o‘zbek filologiyasi va xorijiy filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari kutib oldi.
Uchrashuv davomida INALCO vakillari universitet faoliyatini atroflicha tanishtirib o‘tdilar, xususan, universitetda 100 dan ziyod sharqiy tillarning o‘qitilishi bilan birga sotsiologiya, xalqaro iqtisodiyot kabi sohalarda ham talabalar tahsil olayotganligini e’tirof etdilar. Janob Gilles Forlot INALCOda turkiy tillarni o‘rganayotgan talabalar sonining ko‘pligi va qiziqishning yuqoriligini hisobga olgan holda universitet qoshida o‘zbek tilini o‘qitish markazini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilayotganligi va albatta, uchbu markaz faoliyatiga O‘zbekiston Milliy universitetidan o‘zbek filologiyasi mutaxassislarini jalb qilishdan mamnun bo‘lishlarini alohida ta’kidlab o‘tdilar va joriy yilda “Ipak yo‘li bo‘ylab” nomli dastur doirasida tashkil etiladigan yozgi maktabga O‘zMU mutaxassislari va talabalarini taklif qildilar.
Shuningdek, uchrashuv chog‘ida tomonlar o‘rtasidagi akademik mobillik doirasida turkiy tillar bilan bir qatorda rus tilini ham o‘rganayotgan talabalar O‘zMUda 1 semestr davomida tahsil olishlari mumkin ekanligini bildirdilar.
Shu bilan birga ikki universitet o‘rtasida boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorliklarni amalga oshirish, o‘zbek-fransuz tarjima lug‘atlarini yaratish, fransuz tili mutaxassislarini jalb qilish kabi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuv so‘ngida ikki universitet o‘rtasida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.