Lodz davlat universiteti
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Yevropaning ko‘plab oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qiladi va ular bilan, jumladan, Polshaning Lodz texnologiya universiteti bilan rasmiy hamkorlik memorandumlari imzolangan. Bu ikki universitet oʻrtasida memorandum 2017-yilda imzolangan boʻlib, hamkorlikdagi saʼy-harakatlar bugungi kungacha davom etib kelmoqda.
Xususan, 2023-yil 5-sentabr kuni Lodz texnologiya universiteti professori Tomaş Maneski va shu universitet dotsenti Aleksandr Shtuka bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova, Strategik rivojlanish va xalqaro reyting bo‘limi mudiri Gulasal Rofiyeva, Kimyo fakulteti dekani Shaxnoza Qodirova va fakultet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Lodz texnologiya universiteti vakillariga universitet haqida to‘liq ma’lumotlar berildi. Lodz universiteti dotsenti Aleksandr Shtuka O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasiga o‘z universiteti haqida taqdimot taqdim etdi. Bundan tashqari, ikki tomon vakillari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida xalqaro talabalar konferensiyalarini onlayn va oflayn formatda tashkil etish bo‘yicha fikr almashdilar.
Bundan tashqari, tomonlar Lodz texnologiya universitetining kimyo fakulteti magistrantlari uchun amaliyot o‘tashini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Lodz texnologiya universiteti professori Tomas Maneski bu taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.