Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

NAVOIYNI ANGLASH – O‘ZLIKNI ANGLASH

Bugun poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligini keng nishonlash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Yodgorlik oldidagi maydonda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullari, davlat va jamoat arboblari, adabiyot ihlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari hamda xorijlik mehmonlar jam bo‘ldi. Shu qatori O‘zbekiston Milliy universitetining talaba-yoshlari, tyutorlari hamda universitet rahbariyatidan mas’ullar tashrif buyurdilar.
Dastlab tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbirda filologiya fanlari nomzodi Olimjon Davlatov, navoiyshunoslar Burobiya Rajabova, xorijlik mehmonlar – AQSHlik olim Azizullo Orol, turkiyalik olim Vohid Turk, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Rahimboy Jumaniyozovlar Navoiy hayoti va ijodi haqidagi o‘z bilimlarini boshqalar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, xiyobon bo‘ylab shoirning el-yurt obodligi, xalq dardini va ezgulikni tarannum etuvchi g‘azallari bilan aytiladigan mumtoz ashulalar va maqom kuylari yangradi.
Darhaqiqat aytish mumkinki, Alisher Navoiy ijodida el-yurt obodligi mavzusi alohida o‘rin tutadi. Mahalla-ko‘yning obod va sarishtaligi – el-yurt obodligi va farovonligi esa bevosita har bir xonadon, har bir ko‘cha va guzarning ma’mur va farovonligi sifatida talqin etiladiki, bu masalaga bugungi kunda ham yurtimizda katta e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir yakunida yigʻilganlar Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qoʻydi.
Tadbir davomi sifatida Adiblar xiyobonidan universitetga biriktirilgan Erkin Vohidov haykali poyida adabiy davra suhbati uyushtirildi. O‘zbekiston Milliy universitetining talaba-yoshlari, tyutorlari hamda universitet rahbariyatidan mas’ullar ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida universitet rektorining badiiy maslahatchisi, “O‘zbek filologiya” kafedrasi mudiri, professor Xamidulla Boltaboyev yig‘ilganlarga buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan o‘zining tabrigini ifodalash jarayonida Navoiy ijodining davomchisi sifatida Erkin Vohidov esga olindi. Ushbu o‘tkazilgan davra suhbati davomida Erkin Vohidov stipendiyasi sohiblari tomonidan navoiyxonlik va ijodiy chiqishlar ham yig‘ilganlarga ulug‘ shoir ijodi bilan yanada yaqinroq tanishish imkonini berdi va yuqori kayfiyat bag‘ishladi.
Bu kabi tadbirlar O‘zbekiston Milliy universitetining barcha fakultetlarida ham davom etadi.

O’zMU Axborot xizmati