Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Oliy ta’lim milliy taaraqqiyot bilan bog‘liq

Ta’lim-tarbiyada millatning, halqning buguni va ertangi kun taqdiri mujassam. Shu ma’noda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizda ta’limni, xususan, oliy ta’limni jiddiy isloh qilishga qaratilgan fikrlari o‘quv-tarbiya jarayonini dunyo standartlariga moslashtirish, turli yo‘nalishdagi kadrlarni maqsadli va malakali tayyorlashga jihatdan katta ahamiyat kasb etadi.

Bunday yuksak maqsadga erishish uchun so‘nggi yillarda OTM faoliyatida ham jiddiy qadamlar tashlanmoqda: moddiy-texnika bazasi mustahkamlanmoqda, ilmiy maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yilmoqda, o‘quv jarayonini ko‘proq amaliyot bilan bog‘lash masalasiga e’tibor kuchaygan, laboratoriyalar zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanmoqda, o‘qituvchilarning oylik maoshlari oshirilib, yashash sharoitlarini yaxshilash borasida ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A. Abduvaxitov davlatimiz rahbari bugun oliy ta’lim oldiga qo‘yayotgan asosiy vazifalar, o‘qituvchi ustozlarning yangi sharoitdagi mas’uliyati, ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishning ilmiy-amaliy yo‘llari xususida so‘zlab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta–maxsus ta’lim vaziri A. Toshqulov ta’limning sifati va samaradorligi milliy taraqqiyot bilan bevosita bog‘liqligiga e’tiborni qaratdi. Shu bois, bu ishga ilmiy va ijodiy yondashish, o‘z umrini yashab bo‘lgan eski andozalardan voz kechish, yosh iste’dodlarni zamonaviy bilim, ilmiy yangiliklar, ilg‘or pedagogik tajriba bilan qurollantirish, yoshlarda tashabbuskorlik va vatanparvarlik hissini kuchaytirish zarur bo‘ladi. Buning uchun esa tajribali ustozlar ham, yosh pedagoglar ham o‘z mahoratlarini tinimsiz oshirib borishlari, Sharqqa xos “Ustoz-shogird” an’analarini izchil davom ettirishlari zarur.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori I. Majidov jamiyat taraqqiyotining bugungi shiddati, dunyoda kechayotgan jarayonlar, yangi Renesans sari dadil odimlayotgan mamlakatimiz oldida turgan vazifalar o‘qituvchilarning har biridan yanada samarali ishlashni talab etayotganiga to‘xtaldi.

Milliy maqomga ega bo‘lgan qadrdon universitetimizning ilmiy salohiyatini oshirish, obro‘siga obro‘ qo‘shish, har bir saboqni talabalar ongiga muhrlanib qolishiga erishish, shogirdlarimiz bilan faxrlanib yurish, yanada muhimi o‘z faoliyatimizdan o‘zimiz qoniqish hosil qilish hammamizga nasib etsin.

Ahmadjon Meliboyev,

O‘zMU jurnalistika fakulteti dotsenti,

“Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri