Joriy yilning 6–10-aprel kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti dekani Sh.M. Sharipov, Geodeziya, kartografiya va kadastr kafedrasi mudiri Q.K. Bekanov hamda professor-o‘qituvchilar tarkibidan iborat delegatsiya Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetining Geografiya va tabiatdan foydalanish fakultetida bo’ldi.

Mazkur tashrif doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va doktorantlar uchun stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, talabalar almashinuvi va akademik mobillik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari talabalar, magistrlar va doktorantlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, o‘quv laboratoriyalari hamda ilmiy infratuzilma bilan yaqindan tanishdilar. Shu bilan birga, hamkorlikda ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlar yaratish bo‘yicha ham muhim kelishuvlarga erishildi.
Ushbu tashrif ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-ta’limiy integratsiyani chuqurlashtirish hamda xalqaro ta’lim maydonida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.