Professor Avazbek Madaminovich Sodiqov “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston O‘zbekiston Milliy universiteti Davlat va korporativ strategiyalar kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sodiqov Avazbek Madaminovich Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ushbu mukofot olimning yurtimizda iqtisodiyot fanini rivojlantirish, yosh mutaxassislar tayyorlash, ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirish va ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati hamda samarali faoliyatining munosib e’tirofidir.

Avazbek Madaminovich Sodiqov 1954-yil 10-yanvarda Andijon viloyati, Xonobod shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. 1960-1970-yillarda Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi A.Navoiy nomidagi 1-o‘rta maktabda tahsil olgan. 1971-yilda Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) geografiya fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1976-yilda “Iqtisodiy geografiya” yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomladi.

U1998-1999-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Axborot-tahlil markazi yetakchi konsultanti lavozimida faoliyat yuritdi. 2000-2007-yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ijtimoiy-iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatida yetakchi konsultant lavozimida mehnat faoliyatini davom ettirdi. 2007-2008-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar markazi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab, 2008-2011-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari lavozimida mehnat faoliyatini davom ettirdi. 2011-2015 yillarda ushbu institutning direktori sifatida faoliyat yuritdi.

A.M.Sodiqov 2015-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh konsultant, moliya-iqtisodiyot sektori mudiri lavozimlarida mehnat qildi.

Professor A.M. Sodiqov 2018-2021-yillar mobaynida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti “Mintaqaviy iqtisodiyot va menejment” kafedrasi mudiri, 2022-yildan boshlab ushbu kafedra professori lavozimida faoliyat yuritdi. 2023-yildan hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti “Davlat va korporativ strategiyalari” kafedrasi mudiri vazifasida ishlab kelmoqda.

2006-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Ixtisoslashgan ilmiy kengashda “O‘zbekiston mintaqalarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va ularni tartibga solish mexanizmlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va unga iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasi berildi.

A. Sodiqov ilmiy-pedagogik faoliyati davomida ishlab chiqarishni hududiy tashkil qilish, mamlakatimiz va hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini strategik rejalashtirish, mintaqaviy iqtisodiyot fanining ilmiy-metodologik masalalari yo‘nalishlarida 140 dan ortiq monografiya, darslik, risola va ilmiy maqolalar chop etdi.

Professor A. Sodiqov tomonidan 2022-2025-yillarda 40 ga yaqin ilmiy ishlar nashr etildi. Ushbu yillarda xorijiy ilmiy jurnallarda jami 15 ta maqola chop etildi. Jumladan, Scopus va Web of Science bazasiga kirgan jurnallarda 9 ta maqola nashrdan chiqdi. Xirsh-indeksi 4.

Professor A.M. Sodiqov ilmiy maslahatchiligida 3 ta iqtisodiyot fanlari doktori, ilmiy rahbarligida 3 ta iqtisodiyot fanlari nomzodi, 6 ta iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori tayyorlangan.

O’zMU Axborot xizmati