Tohoku universitetida O‘zbekiston–Yaponiya akademik hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi

Yaponiyaning milliy reytinglarida yetakchi o‘rin egallagan, shuningdek, dunyo oliy ta’lim muassasalari orasida nufuzli Times Higher Education (THE) va QS reytinglarida 103 va 109-o‘rinlarda qayd etilgan Tohoku universitetida “O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlik istiqbollari: Markaziy Osiyo va Yaponiya akademik almashinuvi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Mazkur anjuman Tohoku universiteti tomonidan Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari bilan ilk bor bunday keng ko‘lamli formatda tashkil etilayotgani bilan alohida ahamiyatga ega. Konferensiya O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy filologiya fakulteti hamda Tohoku universitetining Pedagogika fakulteti tashabbusi asosida o‘tkazilmoqda.

Tadbirni Tohoku universitetining xalqaro strategiya va global ta’lim bo‘yicha prorektori Masaxiro Yamaguchi hamda O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov tantanali ravishda ochib berdilar.

Shuningdek, konferensiyada Xorijiy filologiya fakulteti dekani Xabibulla Bakiyev, fakultet professor-o‘qituvchilari va talabalar faol ishtirok etib, o‘z ilmiy taqdimotlari bilan qatnashmoqda.

Ayni paytda konferensiya ishi turli seksiyalarga bo‘lingan holda davom etmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati