O‘zMU va Davlat ekologik ekspertizasi markazi: hamkorlik yangi bosqichda

O‘zbekiston Milliy universitetida «Davlat ekologik ekspertizasi markazi» davlat muassasasi vakillarining biologiya va ekologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir davlat ekologik ekspertizasi tizimi va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning ekologiya sohasiga qiziqishini oshirish hamda bo‘lajak mutaxassislarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirishga qaratildi.

Uchrashuv davomida Markaz vakillari muassasaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, vazifalari va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimidagi o‘rni haqida ma’lumot berdilar.

Alohida e’tibor 2025-yilda qabul qilingan «Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qaratildi. Qayd etilganidek, mazkur hujjat sohada yangi bosqichni boshlab berib, endilikda nafaqat alohida loyihalar, balki strategik darajadagi hujjatlarni ham baholashni nazarda tutadi.

Shuningdek, ishtirokchilarga Markazning xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkorlar bilan hamkorligi, shuningdek, chet tillarini biladigan, zamonaviy texnologiyalar, ma’lumotlar tahlili va ekologik modellashtirish ko‘nikmalariga ega mutaxassislarga ehtiyoj mavjudligi haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan «Yashil makon», «Eko-madaniyat» va «Toza havo» umummilliy loyihalari ham muhokama qilindi. Ushbu tashabbuslar yashil hududlarni kengaytirish, havo sifatini yaxshilash, ekologik ta’limni rivojlantirish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kadrlar tayyorlash, dual ta’limni rivojlantirish, talabalarni ekologik loyihalarga jalb etish va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.