O‘zbekiston Milliy universitetida olima ayollarning ilm-fan ва jamiyat hayotidagi o‘rni xalqaro miqyosda tahlil qilindi

Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekistonda ilm-fanning rivojlanishi va jamiyat taraqqiyotida olima ayollar rolining ilmiy-nazariy tahlili” mavzusida nufuzli xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir universitetning Ijtimoiy fanlar fakulteti hamda O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Davra suhbatini Ijtimoiy fanlar fakulteti “Falsafa” kafedrasi professori L.A. Muxamedjanova moderator sifatida ochib berdi va boshqarib bordi. Anjumanda ilm-fan fidoyilari, xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari jam bo‘ldi.

Tadbirning ahamiyatli jihati shundaki, unda xalqaro miqyosdagi ikki nafar akademik ayol faol ishtirok etdi: Qozog‘iston Fanlar akademiyasi akademigi Natalya Seytaxmedova “Роль женщины в науке: Казахстанский кейс” mavzusida, Tojikiston Ta’lim akademiyasi akademigi va vitse-prezidenti Irina Karimova esa “Образованная женщина-основа сильной нации” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, Kolumbiya universiteti professori Lyudmila Kim kabi xorijlik olimalarning chiqishlari ham tadbir mazmunini boyitdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi, falsafa fanlari doktori Gulruh Agzamova “Qonun ijodkorligida ayollar ishtiroki: huquqiy kafolatlar va mexanizmlar” mavzusida so‘zga chiqdi. O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi, professor Rahbarxon Murtazayeva barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqa olimalarining hissasini yuqori baholadi. Shu bilan birga, universitetning yetakchi olimalari Nigina Shermuxamedova va Dilbar Muxamedova globallashuv sharoitida ayollar faoliyatining transformatsiyasi hamda psixologiya fani rivojidagi dolzarb masalalar haqida fikr yuritishdi.

Davra suhbatida falsafa, psixologiya va sotsiologiya kabi yo‘nalishlarda ayollarning o‘rni keng qamrovli tahlil qilinib, insoniyat tarixida ularning intellektual merosi va zamonaviy jamiyatdagi innovatsion g‘oyalari yuksak e’tirof etildi. Ishtirokchilar tomonidan ijtimoiy ish va ta’lim tizimida xotin-qizlar erishayotgan yutuqlar ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berildi.

Tadbir yakunida nufuzli mehmonlar va faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi. Ushbu anjuman O‘zbekiston Milliy universitetining ilmiy salohiyatini yuksaltirishda navbatdagi muhim qadam bo‘lgani qayd etildi. Mazkur muloqot maydoni nafaqat tajribali olimlar, balki yosh tadqiqotchi ayollar uchun ham mahorat maktabi vazifasini o‘tab, kelajakdagi yangi ilmiy loyihalar uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.