O‘zMU Tarix fakultetida “Karyera kuni” bo’lib o’tdi

O‘zbekiston Milliy universitetida talabalar va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etmoqda. Bugun universitetning Tarix fakultetida tashkil etilgan navbatdagi “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi talaba-yoshlar, bitiruvchilar hamda ish beruvchilarni bir maydonda jamladi. Tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlari, ta’lim va madaniyat muassasalari, arxiv, muzey va ilmiy markazlardan iborat 30 ga yaqin yirik ish beruvchilar ishtirok etdi.

 

Yarmarka davomida bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar yo‘lga qo‘yildi, talabalarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda hamkorlik imkoniyatlari taqdim etildi. Shuningdek, fakultet talabalarining innovatsion va ijtimoiy ahamiyatga ega startap loyihalari namoyish qilindi. Tadbir doirasida maktab bitiruvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” ham tashkil etilib, ular fakultetning 90 yillik tarixi, ta’lim yo‘nalishlari, qabul kvotalari va zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ma’lumot o‘rnida, Tarix fakulteti joriy yilda o‘zining 90 yillik yubileyini nishonlamoqda. 2026 yilda fakultetni 700 nafardan ortiq bitiruvchi tamomlashi kutilmoqda va hozirga qadar ularning qariyb 79 foizi mehnat bozorida o‘z o‘rnini topgan. Bu ko‘rsatkichlar ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasi samarali yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Mazkur tashabbuslar mamlakatda bitiruvchilar bandligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosiga xizmat qilmoqda hamda “Karyera kuni” tadbirlari universitet fakultetlarida bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.