Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakultetining O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi tashabbusi bilan atoqli shoir, yozuvchi, tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi, faylasuf, san’atshunos hamda jamoat arbobi Abdurauf Fitrat tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirda Fitrat ijodiy merosining o‘zbek milliy tafakkuri, ma’naviyati va adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni alohida e’tirof etildi.
Mazkur tadbir Michigan davlat universiteti (AQSh), Anqara davlat universiteti (Turkiya), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Unda mahalliy va xorijiy olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etib, Fitratning ilmiy-adabiy faoliyati, jadidchilik harakatidagi o‘rni va milliy uyg‘onish davridagi xizmatlari yuzasidan ma’ruzalar qilindi.
Tadbir davomida Fitrat asarlaridan parchalar o‘qildi, adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ishtirokchilar tomonidan buyuk ma’rifatparvarning boy merosini chuqur o‘rganish, uni yosh avlod orasida keng targ‘ib qilish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.