Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan respublika konferensiyasi o‘tkazildi

Ayni shu yilning 11-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish: jamoat salomatligini muhofaza qilishda fan, ta’lim va jamiyat integratsiyasi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjuman transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalarini muhokama qilish, sohada fan va ta’limning o‘rnini kuchaytirish, davlat organlari, ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Bojxona instituti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Kriminologiya tadqiqot instituti, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent xalqaro universiteti, Sarbon universiteti hamda sud-huquq tizimi va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Anjuman davomida narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy va profilaktik mexanizmlari, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, jamoat salomatligini muhofaza qilish, zamonaviy tahdidlar sharoitida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi va fikr almashildi.

Shuningdek, konferensiya doirasida narkotahdidlarga qarshi kurashishda davlat organlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Ishtirokchilar profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa yoshlarning huquqiy va tibbiy savodxonligini yuksaltirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladilar.

Konferensiya yakunida bildirilgan ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar mamlakatimizda narkotahdidlarga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, jamoat salomatligini mustahkamlash hamda sog‘lom va xavfsiz jamiyatni barpo etishga xizmat qilishi qayd etildi.