Bugun, 2026-yil 4-sentabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti hamkorligida tashkil etilgan “Hisoblash modellari va texnologiyalari (CMT2026)” IV xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshladi. Mazkur nufuzli anjuman zamonaviy ilm-fanning eng dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha butun dunyo olimlarini va tadqiqotchilarini bir maydonga jamlamoqda.
Gibrid (offlayn va onlayn) formatda o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda yurtimiz olimlari bilan bir qatorda Malayziya, Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi o‘ndan ortiq davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqdalar.
Konferensiyani yuqori saviyada tashkil etishda xalqaro miqyosdagi nufuzli hamkorlar – MARA Texnologiya Universiteti (Malayziya), Abay nomidagi Qozoq Milliy pedagogika universiteti (Qozog‘iston), Hindiston Roorkee Texnologiya Instituti (Hindiston) hamda Tashkent International University (O‘zbekiston) yaqindan ko‘mak bermoqda.
Konferensiyaning tantanali ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov tabrik so‘zi bilan chiqib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Bugungi kunda matematika va zamonaviy axborot texnologiyalari taraqqiyotning deyarli barcha yo‘nalishlarida muhim ilmiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tildi.
Yalpi majlisda soha mutaxassislari tomonidan dolzarb mavzularda ilmiy ma’ruzalar taqdim etilib, qizg‘in muhokama qilinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti professori Mersaid Aripov mamlakatimizda hisoblash modellari va texnologiyalarining istiqbollariga to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa, hindistonlik taniqli olim Ram Jiwari muhandislik muammolarida yuqori tartibli chekli elementlar usullarining qo‘llanilishini tahlil qildi. Shu bilan birga, malayziyalik professor Adem Kilicman umumlashtirilgan kasr funksiyalar yordamida modellashtirishning nazariy va amaliy jihatlarini yoritib berdi, qozog‘istonlik professor Berdishev Abdumauvlen o‘zgaruvchan tartibli Kaputo hosilalari bilan siqilmaydigan magnitogidrodinamik tenglamalar tahliliga bag‘ishlangan chiqishi bilan qatnashdi hamda malayziyalik professor Abdul Talib Bin Bon sun’iy intellekt va intellektual ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish («Smart Factory») texnologiyalari bo‘yicha o‘z ma’ruzasini taqdim etdi.
Ikki kun davom etadigan ushbu nufuzli anjumandagi munozaralar va taqdimotlar sakkizta asosiy sho‘baga bo‘lingan holda, o‘zaro qizg‘in ilmiy bahs va munozaralar shaklida olib borilmoqda. Mazkur sho‘balar doirasida algebra va analiz, differensial tenglamalar va matematik fizika, hisoblash matematikasi, geometriya va topologiya, amaliy matematika va matematik modellashtirish, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, axborot xavfsizligi va muhandislik texnologiyalari hamda sun’iy intellekt va intellektual texnologiyalar kabi fundamental va amaliy yo‘nalishlardagi eng dolzarb muammolar va ularning yechimlari atroflicha muhokama qilinmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati