O‘zMU va Harbin texnologiya instituti o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Harbin texnologiya instituti (HIT) professorlari Yuan Chengxun, Zhang Songyuan, Zhan Changhong va Xiao Heng bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zMUning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashev hamda Fizika fakulteti dekani G‘ofur Eshonqulov ishtirok etdi.
Uchrashuvda Harbin texnologiya institutining Fizika maktabi, Mashinasozlik va mexatronika muhandisligi maktabi hamda Arxitektura maktabida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, yosh olimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va institutning startap loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar fotonika, materialshunoslik, spintronika, mexatronika, robototexnika, aqlli qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalari, kam uglerodli texnologiyalar, chiqindi gazlar hamda tashlandiq issiqlikdan foydalanish kabi yo‘nalishlarda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Shuningdek, talabalar va magistrantlar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ularni yozgi maktablarga jalb etish hamda tayanch doktorantlarni tayyorlash bo‘yicha istiqbolli tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zMUning bir qator professor-o‘qituvchilari Harbin texnologiya institutida faoliyat yuritayotgani ham qayd etildi. Bu ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun muhim imkoniyatlardan biridir.