Bugun, 16-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitet rektori Inom Madjidov Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Shadurdi Meredov bilan muzokaralar olib bordi.

Tomonlar ushbu uchrashuvni 2025-yil 11-sentabrda bo‘lib o‘tgan samimiy va konstruktiv muloqotning izchil davomi sifatida yuqori baholadilar. Suhbat davomida rektor universitetda tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar bilim olishga bo‘lgan yuksak intilishi, tashabbuskorligi hamda ilmiy va madaniy hayotdagi faol ishtirokini alohida e’tirof etdi. Shu bilan birga, ular uchun yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, qulay yashash sharoitlari va keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Elchi Shadurdi Meredov esa o‘z navbatida ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam do‘stona aloqalar, xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali va istiqbolli hamkorlikdan mamnun ekanini ta’kidladi. U joriy yil davomida hamkorlikda madaniy-ma’rifiy loyihalar va tadbirlarni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surdi.

Muloqot chog‘ida, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Turkmanistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma dasturlar va almashinuvlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tashrifning ikkinchi qismida elchi universitetda tahsil olayotgan faol turkman talaba-yoshlar bilan uchrashib, ular bilan ochiq, samimiy va ruhlantiruvchi suhbat o‘tkazdi.