Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur oyligi” doirasida “Amir Temur va temuriylar davri” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Universitet prorektori Ravshan Musurmanov tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, Sohibqiron Amir Temur shaxsi va faoliyati milliy davlatchilik tarixida alohida o‘rin tutishi, uning boy ma’naviy va siyosiy merosi bugungi kunda yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, u bunday ma’rifiy tadbirlar talabalarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Markaziy apparati, Toshkent shahar kengashi vakillari, O‘zMU Tarix fakultetining bir guruh professor-o‘qituvchilari ma’ruza qildilar.

So‘zga chiqqanlar Amir Temur va temuriylar davrining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotdagi o‘rni, bu davrda ilm-fan, me’morchilik va davlat boshqaruvi sohalarida erishilgan yutuqlar haqida fikr yuritib, ularning bugungi taraqqiyot jarayonlari bilan uzviy bog‘liqligini asoslab berdilar.

Tadbir yakunida ochiq muloqot tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda turli taklif va mulohazalar bildirdilar.